icon

Biz haqimizda

img
Azon Vaqfi - Turkistondan taralgan odamiylik ovozi!

Vaqfning maqsadi azonnning haqiqatini, ya'ni insoniyatni Haq va Haqiqatga chorlash, Ilohiyat va Robbiyatni e'lon qilish hamda birlik va hamjihatlikni ta'minlashdir.

Vaqfimiz 2023-yilda Istanbul shahrida ta’sis etilgan bo‘lib, insonlarning Haqqa va haqiqatga chorlaydigan, ezgulik urug‘ini sochish, birlik va birdamlik madaniyatini taratishni o‘ziga g‘oya qilib olgan tashkilot sanaladi. Vaqfimiz, Muhammadiy azonning chaqirig‘iga bo‘ysungan holda, Rabbiga bergan ahdiga vafo qilishni o‘zining hayotdagi maqsadi deb biluvchi nasllarni tarbiyalashni o‘zi uchun maqsad qilib olgan.

Insonning eng muhim xislatlaridan biri sadoqat va do‘stlikdir. Sadoqat eng go‘zal xislatdir. Ushbu xislat kishining chinakam shaxs ekanini ko‘rsatadi. Sadoqat iymonning taqozosi, insoniylikning ifodasi va odobu hayoning mahsuli sanaladi. Sadoqat yaxshilikka javoban minnatdorchilik ifodasidir. Sadoqat, ayni paytda, do‘stlik va birodarlikning natijasidir. Do‘st bo‘lish kishidan sadoqat, samimiyat va xayrixohlikni talab qiladi. Sadoqat va samimiyat xislatlariga ega bo‘lgan, axloqli, milliy-ma’naviy qadriyatlariga sodiq insonlarni tarbiyalash orqali fozil jamiyatni ta’sis etish dinimizning asl g‘oyalaridan biri sanaladi. Qondoshlik va birodarlik rishtalariga putur yetgan, ijtimoiy inqiroz hukmron bo‘lgan zamonamizda shunday xislatlarga ega bo‘lgan yangi avlodni tarbiyalash faqatgina dillarni marhamat va shafqat hissi bilan to‘lishi hamda buning nishonasibo‘lmish zakot va ta’lim xizmatlari orqaligina mumkin bo‘ladi. Zero, bularning barchasi bandaning Rabbiga qiladigan shukri hisoblanadi.

Vaqfimiz, “Azon”ning ma’nosiga muvofiq xizmat qilish maqsadida bir qator faoliyatlar, xossatan, mehr-muruvvat, o‘zaro hamjihatlik tuyg‘ularini jamiyat bo‘ylab yoyishga sidqi dildan harakat qilmoqda. Bu yo‘lda ilmda muvaffaqiyatli, izlanuvchan, qiziquvchan, o‘rganishga va o‘rgatishga intiladigan, taraqqiy etgan dunyoga moslasha oladigan, Islom olamining oyoqqa turishiga hissa qo‘sha oladigan, har xil platformalarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, o‘ziga ishonadigan, qadriyatlariga oshiq, ilm-irfon bilan qurollangan avlodni tarbiyalash uchun harakat qilmoqda. Bu sa’y-harakatlar va faoliyatlarimiz davom etishi va rivojlanishi yo‘lida ko‘rsatadigan har qanday qo‘llovingiz ushbu oliy xizmatning yanada kengayishiga sababchi bo‘ladi. Shu tariqa “kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga uni qilgan kishining ajrichalik ajr bor” mazmunidagi hadisi sharifda aytilgan ajrga sazovor bo‘lib, ko‘plab ehtiyojmandning mushkulining oson bo‘lishiga hamda yoshlarimizning yanada yaxshiroq imkoniyatlar bilan yetilishiga sababchi bo‘lasiz.

quote
" Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi, faqat uch narsa tufayli uning nomai a’moliga savob yozilib turadi: sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand. "

— Muslim, zuhd va raqoiq, 44.