Rahbar bayonoti
“Vaqf” arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda “to‘xtatish”, “tutib turish”, degan ma’nolarni anglatadi. Shariat istilohida esa bir molning aslini ushlab turib, foydasini Alloh taolo roziligi yo‘lida sarflashga aytiladi.
Vaqflar foydalanish jihatiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: birinchisi, odamlar undan foydalanishi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri omma ixtiyoriga berilgan bino yoki muassasalarning o‘zi vaqf qilinadi, ularni “aqorot” deyiladi. Ikkinchisi esa bu muassasalarning abadiy qolishi va jamiyatga foydasi kelib turishi uchun undan keladigan daromad vaqf qilinadi, uni “xayrot” deb nomlanadi.
Hazrati Umar roziyallohu anhuning Xaybar fathidan so‘ng o‘lja sifatida o‘zlariga teggan yerni sotilmasligi, meros qoldirilmasligi va hadya qilinmasligi sharti bilan kambag‘allar, qullar, musofirlar va Alloh yo‘lidagilar foydalanishi uchun berganlari tarixdagi birinchi vaqf sifatida qabul qilinadi.
Qur’oni Karimda vaqf tushunchasi va tashkilotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishora etuvchi oyat yo‘q bo‘lsa-da, Alloh yo‘lida nafaqa qilish, kambag‘al, miskin va nochorlarga xayr-ehson qilish, ezgu ishlarda hamkorlik qilish kabilarga targ‘ib etuvchi ko‘plab oyatlar musulmon jamiyatlarida vaqf tushunchasi va amaliyotiga asos bo‘ldi. Ulardan, ayniqsa, “Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta, Alloh uni bilur” (Oli Imron surasi, 92) oyati shular jumlasidandir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunday deydilar: “Inson o‘lganida uning amali to‘xtaydi. Uch narsa bundan mustasno. Ular: sadaqai joriya, manfaat olinadigan ilm, u uchun duo qiladigan solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).
Bundan xulosa qilamizki, mana shu uch amal tufayli inson o‘lganidan keyin ham savob qozonishda davom etadi. Buning isboti sifatida bugun Madinada Usmon roziyallohu anhu tomonlaridan qilingan vaqfning hali ham mavjud ekani va insonlarga xizmat qilishda davom etayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Vaqflar tarix davomida islom olamida turli muhim vazifalarni bajargan bo‘lib, bugungi zamonaviy davlatlar qilayotgan ko‘plab jamoat xizmatlarini asrlar mobaynida muvaffaqiyatli amalga oshirib kelgan. Shu bilan birga, vaqflar jamiyatda boy va kambag‘al qatlam o‘rtasidagi farqni kamaytirish orqali ijtimoiy muvozanatni asrash, jamiyat hamjihatligini ta’minlash, ijtimoiy tenglikni saqlash, sinfiy nizolarning oldini olish, davlat xizmatiga bo‘lgan talablarni o‘z vaqtida qondirish, siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda markaziy hokimiyat organlarining eng katta yordamchisi bo‘lgan.
Vaqfning zamiridagi hamkorlik va hamjihatlik omili xalqimizning qon-qoniga singib ketgan urf-odat va ijtimoiy xususiyat bo‘lgani uchun, u nafaqat jamiyatning muayyan qatlamini, balki barcha insoniyatni, tabiatni va hatto hayvonlarni ham qamrab olishiga imkon beradi. Afsuski, ming yildan beri davom etib kelgan shunday qutlug‘ an’anamiz o‘ris bosqini sabab Turkistonimizda oxirgi bir asrda yo‘q bo‘lib ketdi.
Bugun vaqf tashkilotlari an’anasini davom ettirayotgan va hatto bosh qomusida uning faoliyat yuritishi lohida belgilab qo‘yilgan Turkiya davlatida biz ham O‘rta Osiyo xalqlari «Azon» vaqfini tashkil etdik. Maqsad avvalo bu yerdagi xayriya karvoniga qo‘shilib, yaralmishlarga ezgulik ulashish, qolaversa, vatanimizda ham bu ishlarni qaytadan yo‘lga qo‘yishdir.
Vaqfimiz, “Azonning ma’nosiga muvofiq harakat qilish maqsadida insoniyatning e’tiqodiy, ilmiy, madaniy, ijtimoiy hamda moddiy-ma’naviy ravnaqi uchun dastak bo‘lib, birlik va birdamlik uchun xizmat qilib kelmoqda.
Biz, iymonimizning taqozosi o‘laroq, Islomga xizmat qilish, yordamga muhtoj iqtidorli yoshlarning yuksak saviyada ta’lim olishlari va o‘z ustlarida ishlashlariga yordam berish, o‘zaro muruvvat va hamkorlikning bardavom bo‘lishiga hissa qo‘shish maqsadida faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz. Shu o‘rinda ushbu oliy xizmatga moddiy-ma’naviy hissalarini qo‘shayotgan azizlarimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.