Vaqfimiz doirasida ikki yillik madrasa ta’limi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, madrasamizda kelajakda diniy sohada yetaricha mutaxassis kadrlar bo’lishi kutilgan iqtidorli yoshlar qabul qilinmoqda. Madrasada arab tili va diniy ilmlar boshlang‘ich darajadan boshlab o‘qitiladi.
Madrasamizda 150 dan ortiq talaba ta’lim olib kelmoqda. Ushbu talabalar Islom shariatini Ahli-sunna e’tiqodi yo‘nalishida, Imom A’zam mazhabiga muvofiq tarzda o‘zlashtirmoqdalar. Ularga o‘z sohasida yetuk, ilmiy faoliyati va yozgan kitoblari bilan dunyoga tanilgan olimlar dars berishadi.
Madrasamizda ilm talabalari arab tilida o‘qish va so‘zlash, sarf, nahv, aqida, siyrat, Qur’on tilovati va hifz ilmlarini olti bosqichda ikki yil davomida o‘rganadilar. Madrasa bosqichida talabalarga mukammal darajada arab tili o‘rgatilib, akademik ta’limga tayyorlab boriladi.
Bundan tashqari, dunyoga mashhur ustozlar va fozil ilm ahllari ishtirokida seminarlar tashkil etiladi. Talabalarning vaqtini unumli o‘tkazish maqsadida turli sayohatlar uyushtiriladi, ularning jismoniy sog‘lom rivojlanishi uchun sport mashg‘ulotlari va musobaqalar o‘tkaziladi.
Ta’lim jarayonida talabalar Qur’on o’qish bo’yicha o’nta qiroatni o‘zlashtirib, ushbu ilm bo‘yicha yetuk ustozlardan ijozatnoma olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar.
- Ikki yillik akademik tayyorgarlik
- Talabalar bilan yaqindan shug‘ullanuvchi koordinatsiya guruhi
- Talabalar bilan bir tilda so‘zlashadigan o‘qituvchilar hamrohligi